Yakkayu yolg‘iz o‘g‘lini uylantirib, el og‘zida doston bo‘lgulik to‘y o‘tkazib, kerilib yurgan Shoiraxon endi uyatdan lov-lov yonayapti. Ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi, bir so‘z kam, ikkitasi ortiqcha. Kelinlik sarupolarini kiyib, kuni kecha mana shu uy ostonasidan kirib kelgan kelininiku ko‘rishga ko‘zi, otishga o‘qi yo‘q.
To‘ydan bir kun o‘tib, saharmardonlab uyg‘ongan Dilafro‘z hovlini chinniday qilib supurishni, sarishtalashni ko‘zlab eshikka chiqdiyu, o‘zidan avval uyg‘ongan qaynonasini ko‘rib, xijolatdan yuzlari olov olib ketdi. U qaynonasiga salom berib, supurgini izlashga tushdi. Kelinchakning u yoqdan bu yoqqa besamar qatnab, nimanidir qidirayotganini anglagan Shoiraxon ovoz berdi:
- Supurgini izlayotgan bo‘lsangiz, huv ana, o‘rikning tagiga bostirib qo‘yganman.
Buni qarangki, kelinchak yana o‘z bilganidan qolmay, boshqa joylarni tintishga tushib ketdi. Ana shunda Shoiraxonning ichi o‘t oldi: «Bu ipirisqi halitdan meni kalaka qilyaptimi? Meni pisand qilmayaptimi?»
Dilafro‘z esa go‘yo hech narsa yuz bermagandek supurgini izlash bilan ovora. Shoiraxonning boshqa sabri chidamay, kelinining oldiga yaqinlashib, ovozini bir parda ko‘tarib dedi:
- Supurgimi? O‘rikning tagida dedimku?
- Voy, eshitmay qopman? — tag‘in uyatdan qizarinib, boshini quyi egdi kelinchak. Ana shunda Shoiraxon og‘zini xiyol ochib, qotdi-qoldi. Bo‘lishi mumkinmas, o‘yladi ichida. Uch qadam narida turib, gumburlab gapirdiku? Hovlining etagida turib, o‘g‘lini chaqirsa, xonadan yugurib chiqardi u. Shoiraxonning Dilafro‘zni ne orzu-maqsadlarda kelin qilib tushirgani, do‘stu-dugonalari oldida kerilib yurganlari, tilini «uzun» qilib gapirganlari, o‘zida yo‘q sevinchu quvonchi oqibat xazon bo‘ldi. Kelinchakning qulog‘i og‘ir ekan. Qaynona mana shundan kuyyapti.
Shoiraxon o‘g‘li Savlatjon bilan uch yil xorijda ishlab kelib, dang‘illama to‘y qilish niyatiga tushdi. U ko‘ngliga mos kelin qidiraverib, kovushining patagi to‘zidi. Har bir eshikka birma-bir kirib chiqardiyu, aftini bujmaytirib, o‘ziga ergashgan ayollarga norizo ohangda to‘ng‘illab qo‘yardi: «Qiz deganning husni bo‘lsin ekan, buningiz quruq savlatning o‘zi-ku, bo‘lmaydi, boshqa yerdan yana izlaymiz», derdiyu, boshqa yerdan ham shunga o‘xshash vaj-karson topib, ko‘nglidagi kelin emasligini aytardi-qo‘yardi. Dilafro‘zni esa bir sinfdosh dugonasi, ikki kelinli, besh nevarali Muyassar degan ayol topdi. Avvaliga «balki bu ham ko‘nglingga o‘tirmas, mayli, bir oldidan o‘tib ko‘r», dedi. Muyassar boshlab kelgan xonadonga oyoq qo‘yiboq hovlining gulu g‘unchaga to‘lganini, atrof ajib iforga burkanganidan mast bo‘lib, bahri dili ochilib ketdi. Uyning bekasi ham ko‘ngli ochiqqina ayol ekan. Kelinlikka nomzod qiz Dilafro‘z choy ko‘tarib kirgach esa, tamoman o‘zini unutdi: «Kelin qilsam ham mana shuni qilaman…»
Uy bekasi sovchilar o‘rinlaridan qo‘zg‘alib, eshikka yo‘nalishganida Muyassarni imlab chaqirib, allanimalar dedi. Muyassarning charaqlab turgan yuzlari birdan o‘zgarib, bekaga bir muddat qaradi. Keyin mana bu javobni berdi: «Zarari yo‘q, muhimi, qo‘l-oyog‘i chaqqon bo‘lsa bo‘ldi». Keyin to‘y boshlanib ketdi.
Savlatjon bolaligidan onasining chizgan chizig‘idan chiqmay o‘sdi. U uchun onasi nimaiki aytsa rost, nimaiki qilsa, to‘g‘ri. Shu bois bo‘lajak rafiqasi bilan ham uchrashuvga chiqib o‘tirmadi. Birgina qizning gul-gul ochilib turgan suratini ko‘rib, «bo‘ladi», dedi. Bu yoqda esa Dilafro‘zning ichini it tirnayotgandi. Avvaliga ayasiga qulog‘ida nuqson borligini, bu uni sharmanda qilishi mumkinligini aytganda ayasi uning ko‘nglini xotirjam qildi: «Bu haqda o‘ylab, o‘zingni qiynama qizim, ular biladi. Qizingiz chaqqongina bo‘lib, xizmatimizni qilsa bas, deyishgan».
Mana endi qusurning misi chiqdi. Dimog‘i baland, yaltir-yultur narsalarga o‘ch, hamma narsaning oldi, asliga egalik qilaverib, odmi, nuqsonlilarga bepisand Shoiraxon endi alamini kimdan olishni bilmay, ichidan tinib o‘tiribdi. Sinfdoshi Muyassarning yoqasiga chang sola olmaydi. Uni o‘zi majburlagan, «shu qizni kelin qilishimga yordamlashasan», deb. Qudasining oldiga ham kelinining aybini pesh qilib bora olmaydi. «Qizingiz endi mening qizim, uni o‘zim asrab-avaylayman», deya oqibatlilik qilgan. Savlatjonni ham ayblay olmaydi. U xolis odam. Kelinni haydab yuborishga ichida nimadir yo‘l qo‘ymaydi.
Shoiraxon tashqariga chiqmay, bor alam-dardini ichiga yutib, «chilla saqlayotgan» kunlarning birida mehmon bo‘lib Muyassarxon kelib qoldi. Shoiraxon tilini tishlab, bir muddat sabr qilib o‘tirdi. Mehmon gapni kelinchak tomonga burgach esa, xuddi vulqonday otilib, ichidagi bor dardi to‘kildi.
- Meni kimlarga ro‘para qilding-a, kimlarga? Mo‘min-musicha bo‘lib yurgan bu go‘rso‘xta baloning uyasi ekan-ku? Do‘stu dushman oldida necha pullik odam bo‘ldim? Topgan kelining andak-mundak gapni eshitolmaydi, garang ekan, garang…
Muyassar necha yillik dimog‘dor, bor vujudidan kibr yog‘iladigan dugonasining favqulodda popugi pasayganini, muloyimlashib, hatto yig‘i-sig‘i qilishgacha borishini ko‘rib, allanechuk bo‘ldi. Uning yuzlariga qarashga botinolmay, dasturxon chetini g‘ijimlab o‘tirdi.
- Hamma ayb o‘zimda, husniga qarab, yopishib olibman. Kasal-pasal emasmi, aybi yo‘qmi, deb so‘ramabman. Mana endi… — shu yerga kelganda ovozi o‘zgarib, yig‘lab yubordi. Kamzuli cho‘ntagidan bejirimgina dastro‘molchasini chiqarib, yoshlarini artdi.
- Qo‘y, xafa bo‘lma, tuzalib ketar. Chaqqonligini qara, dastyorning o‘zginasi…
- Bunisidan nolimayman, hamma ish qo‘lidan keladi, ammo bir-ikki odamning oldida garanglik qilib, meni uyatga qo‘ysa, nima degan odam bo‘laman, a?
- Noshukurlik qilma, Shoi.. — Muyassar gapini tugatmagan edi, Dilafro‘z patnisda noz-ne’matlar ko‘tarib keldi. U mevalarni dasturxonga birin-ketin joylashtirib, bir nuqtadan ko‘z uzolmay qolgan qaynonasiga boqdi:
- Ovqat tayyor, suzaveraymi, oyijon?
Shoira keliniga qaramadi. Javob tariqasida nopisandlik bilan «keltiraver» degan ma’noda qo‘li bilan imo qildi. Kelinchak xonadan chiqqach, Muyassar tag‘in tilga kirdi.
- Ovozini jaranglashiga qara, shirinligiga qara…
- Bas! — Birdan keskir nigoh tashladi Shoiraxon sinfdoshiga.
Cho‘chib tushgan Muyassarning ovoz ohangi ham o‘zgardi.
- Maqsading nima o‘zi, bu bir bechorani haydab, o‘g‘lingga boshqasini olib berasanmi?
- Kerak bo‘lsa, shunday qilaman ham. Mening bor-yo‘q boyligim, farzandim bitta.
Muyassar dugonasining oldida yana biroz o‘tirsa, sovuq olgan bahs janjalga aylanishini fahmlab, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. U Shoira bilan sovuqqina xayrlashdi-da, eshikka chiqdi. Eshik oldida patnisda ikki kosa bug‘i ko‘tarilayotgan sho‘rva ko‘tarib turgan Dilafro‘zga to‘qnash keldi. Muloyimlashib, xayr-xo‘shlashdi.
Shu oqshom Shoiraxonning qon bosimi ko‘tarilib ketdi. Savlatjon «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qildi. Shifokor bemorni ko‘zdan kechirib, shifoxonaga yotqizish kerakligini ma’lum qildi.
Shoiraxon ertalab picha yengillashdi. Uch kishilik palatada, chekkadagi karavotda cho‘zilgan ko‘yi shiftga termilib, xayol surib yotgandi. Eshik taqillagach, xayoli to‘zg‘idi. Ichkariga yelimqopchiq ko‘targancha Dilafro‘z kirdi. U to‘g‘ri qaynonasi yotgan karavot sari yurdi. Shoiraxon kelini bilan xushlamaygina salom-alik qildi.
- O‘g‘lingiz kechroq o‘taman, hozircha sen borib tur, deb meni yubordilar,- gap boshladi Dilafro‘z. Shoiraxon indamadi. «Ma’qul» degandek bosh irg‘ab qo‘ydi.
- Tovuq sho‘rva pishirib kelgandim. Sovimay ichib oling, onajon…
- Mayli, rahmat. Siz endi uyga boravering, huvillab yotmasin, men sho‘rvangizni keyin icharman, — endi ket, deganday imo qildi keliniga Shoiraxon. Kelinchak tushundi.
Shoiraxon kasalxonada bir haftacha qolib ketdi. Uning holidan xabar olishga Dilafro‘z kelib turdi. Kelinchak qanchalar mehr ko‘rsatmasin, odamshinavandalik qilmasin, unga bo‘lgan munosabati o‘sha-o‘sha sovuq edi. Buni birinchi kundanoq palatadagilar ham fahmlashgandi. Ayniqsa, o‘zi tengi, sochlariga oq oralagan Rahima ismli ayol ruxsat tegib, ketishga taraddudlangan kun Shoiraxonni naq mo‘ljalga olgudek bo‘lib, bir-ikki so‘z aytdi:
- Keliningiz tilla, Shoiraxon, noshukurlik qilmang, bir aybi qulog‘i og‘ir ekan. To‘rt muchasi but bo‘la turib, oilasi, uyidagilarga musibatu balo-qazolarni olib kelayotgan farzandlar kammi? Tilidan «onajon» degan kalima tushmaydi, o‘z onasidan ziyoda ko‘rsa ko‘ryaptiki, kam emas. Unday insofsizlik qilmang, Xudoga xush kelmaydi.
Ana shu nasihatni Shoira Rahima ketgach, ancha vaqt eslab yotdi. Har kungi odati, shiftga termilib o‘y surdi: «Ha, kelinim yomonmas, mehribon chiqdi, tunu kun xizmatimda. Kam bo‘lmasin. Ey Xudo, shuginaning nuqsonini tuzatsangchi, shifo bersangchi?»- ko‘zlariga yosh keldi tuyqus. Bir payt qarasa, qoshida kelini bilan o‘g‘li turibdi.
- Dam olyotgan bo‘lsangiz, xalal bermay dedik-da, oyi,- dedi Savlatjon.
Shoiraxon qaddini rostlab o‘tirdi. Boshidagi qiyshayib qolgan ro‘moli bog‘ichlarini yechib, qaytadan mahkam qisib bog‘ladi. Dilafro‘z chaqqongina bo‘lib, yeguliklarni tumbochkaga joylashtirayotgandi.
- Qizim, shu yerda dasturxon tuzang, uchovimiz ovqatlanaylik,- dedi keliniga qarab. Xiyol past bo‘lsa-da, yurakka muloyim tekkulik bu gapni Dilafro‘z eshitdi. Qaynonasidan birinchi bor shirin so‘z eshitgani uchun ham hayratda karaxt bo‘lib qolgandi. Shoiraxon tag‘in boyagi gapini qaytardi.
- Hozir, xo‘p, — ishga sho‘ng‘idi kelinchak. Savlatjon ham kelinini yomon ko‘rib qolgan onasidan ilk bor bu kabi iltifotni ko‘rib hayron qoldi.
Xiyol o‘tib, mo‘’jazgina stolda tuzilgan dasturxon ustida Shoiraxon jilmayib, dilidagini aytdi:
- Avvalgi kun qudam kelgandilar. Kechqurun uchovlashib borsak-a, ancha vaqtdan beri xabar olmagandik…
Qaynonasining nima deganini dastavval payqamagan bo‘lsa-da, uning yuzlari ochilganidan, tabassumidan yomon so‘z demaganligini tushunib, Dilafro‘zning ham ko‘ngli yozildi, jilmayishga urindi. ...