Erta tong. Sabolar hali xazon rang yopinchig‘ini egniga ilmagan daraxtlar bargini u yoqdan bu yoqqa tortqilaydi. Qushlar chug‘uri tong otmay turib yer-u ko‘kni tutgan. Go‘yo, bugungi kunni hammadan ilgari ular bayram qilishga shaylangandek.
Rayhon hidi tutgan hovlida odatiy kun yumushlariga ko‘milib, ahyon-ahyonda ayvon tomon yurib, devorga ilingan soatga ko‘z tashlab qo‘yaman. Oltinga teng vaqtimni o‘g‘irlashga bekor uringan tashvishlarni yo‘qlikka mahkum qilib bo‘lgach, ohista qadamlar ila uyga kirib, kichkintoyimning yotog‘iga tikilib turaman.
Shunchalar shirin uxlayapti-ki... Bunchalar sizga o‘xshamasa?! Quyib qo‘ygandek o‘zingiz... Uyg‘otishga ko‘zim qiymaydi. Uning tepasida hayol surib turarkanman, ko‘nglim buzilib, ko‘zlarimga yosh keladi. Ko‘zlarimdagi yoshni yashirmasam, hozir u uyg‘onib, ko‘rib qoladigandek, ortimga o‘girilaman.
Sezgilarim aldamaydi. Ortimga o‘girilishim bilan, uning yoqimli ovozi eshitiladi:
- Oyijon, bayramga kech qolmadimmi?
- Yo‘q, o‘g‘lim, endi seni uyg‘otgani kelgandim. Turaqol. Nonushta qilib olganingdan so‘ng, bayramga aylangani chiqamiz...
- Xo‘p, oyijon, – u yengil harakatlar bilan o‘rnidan shoshib turadi, borib muzdek suvda yuz-qo‘lini yuvib oladi.
O‘tgan kuni fotosuratlar solingan albomni olib, suratlaringizni tomosha qilib turgandim. O‘rtoqlari bilan ko‘chada o‘ynab charchaganmi, biroz xorg‘in kayfiyatda qaytib keldi. Men teskari tomonga qarab o‘tirgan bo‘lsam-da, uning kelganini his qildim. Ohistagina yurib kelib, bo‘ynimga osildi, "oyijon, sizni juda yaxshi ko‘raman!” – dedi. Shu chog‘da uning mehr to‘la ko‘zlari, bolalarcha pokiza, taftli qalbi hayollarimni yana sizga olib ketdi. Kelinlik paytimda anchagina arzanda edingiz, sizning hazillaringiz mening erkaliklarimdan-da oshib tushardi. O‘g‘lim ham sizga o‘xshaydi. Sezdirmay kelib, yelkamdan quchib olishlarigacha...
O‘tgan yili xuddi shu bayram arafasida uni ko‘chaga – sayrga olib chiqqandim. Bolalar kiyimlari do‘koni oldidan o‘tayotganimizda, harbiy kiyimni ko‘rib qolib, olib berasiz, deb turib oldi. Uydagi kiyimlaringizni ko‘rib, havasi kelgan-da...
Ertasiga u aytgan kiyimni olib berdim. Bayramga sovg‘a bo‘lgani uchunmi, shunchalik quvondiki... Ayni shu chog‘da oyim mehmonga kelib qoldilar. Men uncha yaxshi tanimaydigan ayol bilan. Muddaolari aniq edi. "Meni oyim desangiz, umringizni xazon qilmaysiz...”
Koshkiydi, oyijonim sizga bo‘lgan muhabbatim olovi ko‘zlarimdan uchqunlar sachratib turganini ko‘rmaganlarida, bilmaganlarida... Oyoqlariga yiqildim, yalinib-yolvordim, meni qiynamang, oyijon, deya... Oyim qat’iy turib oldilar.
- Rad etsangiz, sizni qizim demayman...
- Uning ko‘zlariga qanday qarayman axir?!
- Uni o‘zim katta qilaman!
- Yo‘q, aslo! – men yugurib ichkariga kirib ketdim. Necha yillik qadrdon sirdoshim, tun-u kun dildoshim bo‘lgan, bedor tunlarimda men aytgan allalarni o‘g‘lim bilan birga tinglagan sizning o‘sha harbiy kiyimlaringizni olib chiqib, oyimning oyoqlari ostiga tashladim.
- Agar... Shu harbiy kiyimlarning, uni kiygan insonning siz uchun zarracha hurmati bo‘lsa, meni do‘zax oloviga tashlamang, oyijon! Ularning hayolisiz o‘tgan kunim – o‘lgan kunim bo‘ladi...
- Qizim...
- Agar ularning yuzlariga oyoq bosib ketolsam... Bugungi bayram meniki bo‘lmay qoladi...
Oyim indamay uyimizni tark etdilar. Yerda yotgan harbiy kiyimlaringizni qucharkanman, ko‘zlarimga yosh to‘lib qetdi. Alammi yo shukronalik – buni anglab yetolmasdim...
Ketgan kuningiz hamon esimda.
- Bizni navbatdagi harbiy topshiriq bilan yuborishyapti. Ertaga ketamiz.
- Ko‘nglim g‘ash, ketmang iltimos...
- Bu mening kasbim. Bu mening burchim. G‘ururim, oriyatim, qadriyatim...
- Biz-chi...? – yuzlarimni yashirib, yig‘lab yubordim.
- Biz, deganing kim?
- ... – yig‘idan to‘xtadim. Boshimni ko‘tarib, ko‘zingizga bir qaradim-u... yana yerga tomon egildim.
Siz hammasini anglagandingiz o‘shanda. Keta turib, "O‘zingni ikkingiz uchun ham, men uchun ham ehtiyot qil!” dedingiz...
Hayolga cho‘mib qolibman. O‘g‘lim allaqachon nonushta qilib, xonasiga kirib ketibdi. Hoynahoy, bugungi bayramga tayyorlanayotgandir. Ertaga maktabga chiqishini bilganida ham shunaqa suyungandiki...
Dasturxonni yig‘ishtirib, ohista uni chorladim:
- Yodgor!
Hozir ichkaridan harbiy kiyimda sizning tabassumingiz bilan u chiqib keladi-yu, bo‘ynimga osilib oladi... ...