Kecha gupillab qor yog`di. Katta-katta o`ynoqlab tushayotgan laylakqor bir zumda shoshqaloq, mayda parchalarga aylandi-yu, hamma yoqni oppoq rangga burkadi. Dam olish kuni bo`lgani bois derazadan rosa tomosha qildim. Ko`zlarim qamashib, ranglarni idrok qilmaydigan, dunyoni qordek oppoq ko`radigan darajaga kelguncha tikildim. Keyin negadir qattiq “uf” tortib, pechka yonida qunishib o`tirgan onamga qaradim.
Hamma ish qoldi endi. Qorgan ishga qor yog`ar, deyishadi. Aslida qor yog`sa, ish ham to`xtaydi, — dedi onam qaraganimni sezib, o`ziga o`zi gapirgandek.
Ko`zlarimni bir pas qattiq yumib turdim. Endi onamning yuzi sal ko`ringandek bo`ldi.
Er bir pasda oqardi-ya... — dedim yana derazaga qarab.
Amma, siz ertaga Davron suvchining tegirmoni yonidagi tepachadan tushishni o`ylayapsizmi? — eshikdan gapirinib kirib keldi akamning katta qizi Gulyuz.
Bolalarga o`xshab ammang ham sirpanib tushar... — onam mendan oldin tilga kirdi.
U erdan sirpanish ham kulgili. Na sirpanadigan darajada katta, na sakrab o`tsa bo`ladigan darajada kichik, — dedim yaram tirnalgandek norozi ohangda.
Yozda shu erni ketmon urib, tekislaydigan odam topilmaydi, qishi bilan nolib chiqadi, — onam ham meni o`ylab kuyindi.
Qishning o`zi bo`lsa mayli. Yomg`ir paytida ham loy tufayli yurib bo`lmaydi. Necha marta yiqilib, loyga botib keldim...
Yozda otang bilan akangga aytdim. “Birovning uyi yonida ketmon ko`tarib yursak, gapirmaydimi?” deb unashmadi. Qancha odam alqardi. Sening baxtingga Zafar ham uylanib ketdi...
Onamning bu gapidan keyin Gulyuz piq etib kuldi. Mening esa bo`g`zimga bir nima tiqilgandek bo`ldi. Yuzimdagi o`zgarishdanmi, yo bemavrid kulgisidanmi, jiyanim o`zini oqlagan bo`ldi:
Ammam u bolani mensimasdi. Cho`pon bo`lsa... Ammam esa maktabda ingliz tilidan dars beradi.
Rostdan ham Zafarni mensimasdim. Uning o`zi ham buni bilardi. Lekin bilsa-da, menga g`amxo`rlik, yaxshilik qilishdan charchamasdi. U bilan maktab va kollejda birga o`qidik. Keyin men shartnoma asosida universitetda o`qidim. Zafar kirolmadi. So`ng oilada katta o`g`il ekanligi, ukasi hali maktabda o`qiyotgani bois, cho`ponlikda otasiga ko`maklashishni lozim topdi. Hatto uning o`zidan keyingi ikki singlisi ham o`sha paytlar menga boshqacha qarar, mehr bilan salom berib, so`rashishardi. Ularning munosabatidan “Zafarning muhabbatidan butun oilasi xabardor”, degan xulosaga kelgandim. Chunki, ba`zida ko`chada ro`para kelsam, onasi ham quchib, o`pib ko`rishar, boshdan oyoq kuzatardi. Bularning hammasi g`ashimga tegar, xuddi o`zimga nomunosib yigitning e`tibori tufayli atrofga masxara bo`layotgandek his etardim o`zimni.
Eng qizig`i, Zafar uchun odamlarning gapi, qarashlari, munosabati ahamiyatsiz edi. U uchun dunyoda men, tepalikcha va o`zidan boshqa hech kim yo`q go`yo. O`qishdan qaytar kunlarimni, shaharga ketish onlarimni u yoddan bilib olgandek edi. Uylari yo`l yoqasida emasmi, yaqinlashganim sari uning ko`z uzmay tikilib turganini sezardim.
Bormisan, sinfdosh? — derdi u yaqin borishim bilan.
Salom, — derdim-u, tezroq o`tib ketishga chog`lanardim. Uning nigohini muyulishgacha his qilib turardim.
O`qishim ham bitdi. O`zim tahsil olgan maktabga ishga kirdim. Endi har kuni uning uyi yonidan o`tishga, Zafarga ro`baro` kelishga majbur edim. Eng yomoni, menga muammo tug`diradigan tepalikcha ularning uyi qarshisida va qor yog`ishi bilan bolalar u erdan sirpanib tushib, muzga aylantirar, natijada men tinmay sirpanib yiqilardim.
Sinfdosh, qo`lingni ber, tushirib qo`yaman, — derdi Zafar har gal yo`l yoqasiga kelib.
O`zim, — derdim unga qo`limni tutishni lozim ko`rmay va o`sha zahoti oyog`im sirpanib, uning yonida tap erga o`tirib qolardim.
Zafar esa darhol qo`ltig`imdan tutib turishimda yordamlashardi. Uch-to`rt marta shu hol takrorlangach, Zafarga baqirdim:
Har kuni shu erda nima qilasan? Kir uyingga! Mening yiqilishimni tomosha qilgani chiqasanmi?
Sening yiqilmasligingni istab chiqaman. Sen bo`lsa, qo`lingni bermaysan, qaysar! Yiqilganingni, joning og`riganini ko`rishdan ko`ra etaklab tushirib qo`yish osonroq menga...
Undan ko`ra, yozda tekislab qo`y, shu erni! — dedim alamimdan yig`lagudek bo`lib.
Bu er tekis bo`lmaydi. Tagidan truba o`tkazilgan. Suv o`tadi, narigi ko`chaga. Odamlarning ko`pi truba o`tganini bilmaydi-da, bizni yo`lga qaramaslikda ayblaydi...
Uning gapini eshitmadim. Qor yopishgan kiyimimni qoqa-qoqa yo`limda davom etdim. Qayta-qayta yiqilganimdanmi, o`sha erga yaqinlashganim sari qo`rqadigan bo`lib qoldim. Bolalikda yaxshi ekan, hamma qatori sirpanib tushib mazza qilardim. Endi esa... Boshqalar qanday o`tarkan-a?
Shu xayol bilan mayda qadam tashlab do`nglikka yaqinlashdim. Qarasam, muz ustiga katta-katta tuz sepilgan. Ehtiyotkorlik bilan odimlagandim, yiqilmadim. O`tib bo`lgach, kimningdir nigohini his qildim. Qarasam, Zafar uy derazasidan jilmaygancha qarab turibdi. Uyalib ketdim.
Shundan so`ng har qor yoqqanida yo`limga tuz sepilgan bo`lar, men bexavotir o`tib olardim. Bahorning yomg`irli kunlarida esa, Zafar chiqib turar, qo`limdan ushlab o`tkazib qo`yardi.
Ba`zan uning oilasi hammasini ko`rib turgandek, jim kuzatayotgandek tuyulib, erga kirgudek bo`lardim. Gohida esa, “Sinfdoshim-ku, sinfdosh deb qarashar”, deya o`zimni ovutardim.
Qayda? Bu boshqalarning nazaridan chetda qoladi, deysizmi? Darrov boshqalardan turli gaplar eshita boshladim. Ayniqsa, turmushga chiqqan tengdosh dugonalarimni ko`rib qolsam, bir xil savolni berishardi:
Nihoyat Zafarga tegadigan bo`libsan-da! Shuyam o`qiganida edi...
Kim aytdi, senga Zafarga tegarkan, deb? Fol ochma! — jahl qilardim.
Voy, sevishib yuribsan-ku! Odamlar aytyapti-ku!
Qanaqa sevishish! Bir-ikki marta yo`ldan o`tkazib qo`yganigami? Boshqalarni ham o`tkazib qo`yadi-ku!
Boshqalar bilan ishi yo`q ekan. Faqat sening yo`lingni poylarkan. Keyin qo`ylari yoniga, toqqa ketarkan. Otasi ham o`sha paytlari indamaskan.
Er yorilmadi, erga kirsam...
Hali otasi ham bilarkanmi?
Butun qishloq qiladi-ku, muhabbatlaringni...
“Ana endi ko`rasan? Shu qilganingga, qishloqni aylanib bo`lsa ham boshqa yo`ldan yurmasammi?” dedim o`zimcha Zafardan jahlim chiqib.
Afsuski, aynan qishda kun qisqaligi uchun tong tez otmas va men uydan vaqtli chiqib ketolmasdim. Chunki toqqa yaqinligimiz bois, kechki payt hamma itlarini bo`shatib qo`yar, bo`ri-yu tulkilardan ularini qo`riqlardi. Tong otganidan keyin bog`lashardi. Doim bog`lovda turgan itlar esa bilasiz, qopog`on bo`ladi. Sharpani sezishi bilan otiladi. Qorong`ida qishloqni aylanib maktabga boraman, deya shunday itlarga o`lja bo`lishim tayin. Undan ko`ra, Zafarning ko`magiga tayanganim afzal. Faqat... vaqti kelib unga tegmayman! Ana shunda biladi, butun qishloq unga befarqligimni...
Buni qarangki, shu yoz u biznikiga sovchi yuborsa deng. Darhol rad etdim. Qayta-qayta keldi sovchilar. Bir-ikki qishloqdoshlar menga gapirdi ham. Quloq tutmadim.
Seni Zafarchalik hech kim yaxshi ko`rmaydi. Yaxshi bola-ku, teg. Kuydirma, bolani...
Mendayam ko`ngil bor! Ko`nglim esa uni demaydi, — dedim beparvo.
Yozi bilan uyimizga qatnagan Zafarning sovchilari oxiri manzilini o`zgartirishga majbur bo`lishdi.
“Zafar qo`shni qishloqlik bir qizga fotiha qilinibdi”, degan xabarni eshitganimda ham parvo qilmadim. Hatto, boshqa sinfdoshlar qatori to`yiga bordim ham.
O`sha-o`sha Zafar xuddi meni bir umr tanimaydigandek, bilmaydigandek yuz burdi. Ko`rsa ham ko`rmaslikka olar, so`rashmas, qaramas ham edi.
Shu bilan vaqt to`xtab qolardimi? Yana kuz yomg`iri shivaladi. Men loyda sirpanib yiqildim. Zafar esa ko`rinmasdi. Yo`q, ko`rdim. Bir kuni aynan men yiqilib, o`tirib qolgan chog`imda beixtiyor ularning hovlisiga qaradim. Ochiq darvoza yonidan xotinining boshiga choponini pana qilgancha uyi tomon yugurib o`tib ketdi u.
Ana o`shanda yuragimning bir cheti o`rtangandek bo`ldi. Keyin ham ko`p bora uning ayoli yonida ko`maklashib yurganini ko`rdim. Endi uning uchun men bu dunyoda yo`qdek edim, go`yo.
“Odam ham shunchalik tez unutadimi?” og`rindim ichimda.
Ammo bilardimki, mendan ko`ngli qolgan, unutish uchun qiyo boqmaslikka harakat qilayotir...
Mana, kecha qor yog`di. Xuddi mening yuragimga, hislarimga yoqqandek bo`ldi. Kechinmalarim ustiga yog`ib, yopib yuborsa qani edi. Afsuski, uning shiddatli, sovuq parchalari bo`ron kabi bor tuyg`ularimni to`zg`itib, uyg`otib yubordi. Qalbimda turgan og`riq ana shu qo`zg`algan tuyg`ularning o`rni bo`lsa kerak. Kechikkan, kech uyg`ongan hissiyotlar bilan o`sha do`nglikkacha keldim. Baxtimga bolalar sirpanib ulgurmabdi. Ehtiyotkorlik bilan qadam tashladim. Qanchalik sobit turishga urinmay, qiyalik pastga tortgandek bo`ldi va “tap” etib erga o`tirib qoldim. Bo`g`zimga tiqilgan alam nafasimni qaytardi. Ko`zimda aylangan yosh yo`lni ko`rsatmay qo`ydi. O`tirgan holimda dod sola olmaganimdan, hammasini ichimga yutganimdan ingrandim. Bu manmanlik tufayli bo`y cho`za olmagan muhabbatimning ilk faryodi edi...