ayollardan biri shangʻilladi:
- Arpa yemas otlar ham ajriqlarga zor boʻlar. Biz
bundan ham battarini ichganmiz, kelin, indamay
olaver. Bu yer sening togʻing emas muzdaygina toza
suv oqib turadigan. Boriga shukr qil.
Uzr ohangida aybdorona jilmaygan Oysuluv yanga
misday qizib ketgan idishni qoʻliga olib suvga bir
muddat tikilib turdi va mana shunday aybdorona
tabassum bilan qaytarib berdi:
- Rahmat...
Oradan kunlar oʻtdi. Shabnamday toza, nafis,
benihoya goʻzal Oysuluv yanga bizning sharoitga
oʻrganolmay qiynalardi. Ayniqsa ayollarning shangʻi
ovozda bir-birlarini mensimay gaplashishlari, hatto
behayo soʻzlarni bemalol aytib tashlashlarini koʻrib
kalovlanar, bunday mahallari kiprik qoqmay ayollarga
qarab qolar, ammo miq etib ogʻiz ochmasdi. Oʻz
navbatida chopiqchi ayollar Oysuluv yanganing
kamsuqumligidan, jur’atsizlidigan battar
asabiylashishar va uni gap bilan chimdib-chimdib olib
xumordan chiqishardi. Oʻ, oʻzim necha marta
koʻrganman Oysuluv yanganing chekka-chekkaga
oʻtib yum-yum yigʻlab olganlarini. Yanga yigʻlardi-yu,
lekin ovozini chiqarmasdi. Mening nazarimda,
bularning bari bir taraf edi-yu, erining qoʻpol
muomalasi bir taraf edi Oysuluv yangaga. Darhaqiqat,
Muslim aka ayniqsa bizning oldimizda xotiniga qoʻpol
gapirar, boʻlar-boʻlmas narsalarga jerkib beraverar,
ishqilib, oʻzining oilada xoʻjayin ekanligini eslatib
qoʻyishga intilardi. Bir marta, ishdan keyin sabil qolgur
bir bogʻ shamak koʻtarib ketish yodidan chiqqani
uchun Muslim aka hammaning oldida soʻkkanida
Oysuluv yanganing daraxt ortiga yashirinib olgancha
«enajon...» deb izillaganini eshitganman.
Oysuluv yanga suluv ayol edi va mening fikrimcha yosh
boladay sodda ham edi. Har zamonda yanga ufqqa
tikilgancha munis jilmaygan koʻyi nimalarnidir oʻylab
qolar, aftidan, oʻz qishlogʻini, oʻz yaqinlarini eslardi.
Ammo sal keyinroq tasodifan bilib qoldikki, yanga
deganimiz shigʻir-pigʻir ham yozarkan. Hatto bir kuni
ishga qattiq nonga qoʻshib shunaqa narsalar bitilgan
qalingina daftariniyu bir-ikkita rayon gazetasini
koʻtarib kelibdi. Bir maqtangisi kelgandir-da
shoʻrlikning. Buni ayollardan biriga aytibdi ham. Bu
gap bir zumda hammaga oshkor boʻldi-qoldi. Ana
shundan keyin yangaga yovqarash kuchaydi. Mashqlar
toʻla daftar esa birdaniga negadir «xotira daftari»
nomini oldi.
- Xotira daftarini kim yozardi, birovni degan, eridan
koʻngli yoʻq xotin yozadi-da, aylanay...
- Kap-katta xotin xotira daftari yozguncha uyida sigiri
ochlikdan oʻlayotganini oʻylasa boʻlarmidi...
- Endi yozib goʻr boʻlarmidi, undan koʻra ketmon
chopishni oʻrgansin...
- Bir Muslimboydan soʻrab koʻraylik-chi, yangi
kelinchak kechasi daftar toʻldirishdan boshqa biron
ish ham qilarmikan...
Bular aytilgan gaplarning mingdan biri edi-yov
chamasi. Axiyri boʻlmadi - uyat va nomusdan yuzi
lovillab yonayotgan Oysuluv xotinlarning unsiz
ma’qullovi va ehtimolki talabi ostida «xotira daftari» va
gazetalarni tushlik mahali omonat chaylada oʻtirgan
mahalimiz qumgʻon tagiga tutantiriq izlayotgan
oshpaz opaga berib yubordi...
Ammo yanganing juda qiynalayotgani, ezilayotgani chin
edi. Men buni yanganing tobora soʻlib borayotganidan
fahmlardim. Choʻl saratoni quyoshi ayovsiz edi.
Oradan bir hafta oʻtar-oʻtmas Oysuluv yanganing yuz-
qoʻllari qorayib ketdi, lablari poʻrsillab yorildi. Bir kuni
u kishi ishga qoʻliga surish uchun vazelin olib kelgan
ekan, ayollar kula-kula oʻlishdi, yangani «nozikoyim»
deb atashdi. Qip-qizarib ketgan Oysuluv yanga vazelin
idishini otib yuborib qutuldi.
Qoʻpolligidan tashqari, Muslim aka ichkilik desa
oʻzini tomdan tashlaydiganlardan edi. U deyarli har
kuni kechga borib qip-qizil mast boʻlib olar va
ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqardi. Bunday paytlari
Oysuluv yanga battar ezilar, ishqilib tezroq bu yerdan
ketishga, odamlarning koʻziga koʻrinmaslikka urinib
qolar, ammo bunday paytlari haqoratlar xaltasi yanada
katta ochiladigan Muslim aka uni qoʻyib yubormas,
hammaning oldida sharmandai sharmisor qilgancha
soʻkkani soʻkkan edi.
Shu orada men shaharga, imtihonlarni topshirishga
ketdim. Baxtim chopib, institutga kirdim. Joy topish,
oʻqish tashvishlari bilan boʻlib qishloqqa qaytib
kelolmadim.
Oradan bir yilga yaqin vaqt oʻtdi. Iyun oyining
oʻrtalarida ovulga keldim.
Uy tomon burilganimda koʻchamiz boshida telejkada
olib kelingan tsisternada suv tarqatilayotganini
koʻrdim. Xotin-xalaj baqir-chaqir qilib chelaklariga suv
olmoqda edi.
Navbat talashayotganlar yonidan oʻtib borarkanman,
shangʻillab bir-birlarini ayovsiz qargʻayotganlar
orasida bir ovoz menga juda-juda tanish eshitildi.
Beixtiyor toʻxtadim va e’tiborni jalb qilmaslik uchun
engashib tuflimning bogʻichini yechib bogʻlay
boshladim.
Ha, yanglishishim mumkin emas edi - bu Oysuluv
yanga edi. Biroq bu soʻzlar... Men garang boʻlib
qoldim.
- ...Ha, ogʻzingdan qoning kelsin, Nuri, ochiritingga
qarasang oʻlasanmi?! Mening bolamam uyda
chirqirab yotibdi-ku! Oʻ sening bolang bola, meniki
itning bolasimi?.. Hali otasi yotibdi boshini
koʻtarolmay...
Men dong qotib qoldim va shu tarafga qaradim.
Paqirlarini, plastmassa idishlarini tsisterna quvuridan
oqayotgan suvga birinchi boʻlib qoʻyishga urinib bir-
birlarini sur-sur qilayotgan ayollar toʻpi ichida turgan
bir qop-qoragina, dogʻ bosgan musht-day yuzini ajin
toʻrlatgan, sochlari toʻzib ketgan, eski xalat kiygan
juvon baqirmoqda edi. Darvoqe, ayollarning hammasi
baqir-chaqir qilishar, ammo men faqat shu juvonning
soʻzlarini eshitardim. Zero, bu oʻsha, bir yilgina
muqaddam goʻzalligi va ma’sumaligi bilan bizni
hayratlarga sol-gan Oysuluv yanga edi...
Men chekkaroqqa, qurib qolgan daraxt yoniga oʻtdim.
Axiyri urush-janjallar bilan ikki paqir suvini olgan
Oysuluv yanga davrani bir amallab yorib chiqdi va uyi
tomon keta boshladi. Bu bukchayib qolgan, oyogʻiga
yirtiq kalish kiyib olgan juvon nahotki oʻsha, bolalar
«Kumush checha» deb chaqirib yurgan Oysuluv yanga
boʻlsa?..
Uyga qanday yetib borganimni bilmayman. Nahot,
nahot tirikchilik, bir burda non tashvishlari shunday
suluv juvonni bir yil ichida kampirga aylantirgan boʻlsa.
Qani men koʻrgan Oysuluv yanganing suluvligi, ibosi?
Qani men Oysuluv yanganing koʻzlarida koʻrgan oʻt?
Bugun, ikki paqir shoʻr suv uchun jonini jabborga berib
talashayotgan, shu suvni olgani uchun oʻzini baxtiyor
sezayotgan Oysuluv yangani kim, kimlar bu koʻyga
soldi... Nahot, nahot endi bir insonning umri shu bilan
oʻtib kesa...
Shu oqshom uxlay olmadim...